Toshkentda fuqaroni chetga o‘qishga yubormoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi
U buning uchun 10 ming AQSH dollari so‘ragan.

Janubiy Koreya va Germaniya davlatlariga yuborishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro A.J. fuqaro A.A.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Janubiy Koreya davlatiga o‘qishga yuborish hamda viza hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Tuproqqalʼa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. fuqaro B.D.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2 000 AQSH dollari evaziga Germaniya davlatiga ishga yuborishini aytib, shundan 500 AQSH dollari va 2,6 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








