Zangiotadagi YTHda 8 kishi vafot etgani aytilmoqda
Holat yuzasidan IIBB maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida 8 kishi vafot etgani aytilgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIBB axborot xizmati rahbari maʼlumot berdi.
Voqea joriy yilning 9 iyun kuni Zangiota tumani hududidan o‘tgan m-34 Toshkent-Dushanbe avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, Spark avtomobili haydovchisi harakat davomida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning qarama-qarshi tarafiga chiqib ketishi oqibatida, shu yo‘nalishdagi Damas bilan to‘qnashib ketgan.
YTH oqibatida yo‘nalishdagi 3 ta avtomobil texnik shikastlangan. 8 ta emas, 1 nafar fuqaro — qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketgan Spark haydovchisi vafot etgan. Qolgan ishtirokchilar turli tan jarohatlari olib, shifoxonaga yuborilgan.
Hozirda holat yuzasidan, tuman prokuraturasi tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








