O'zbekiston

“10 yil Rossiyada ishlab do‘kon olgandim, bir kechada yonib ketdi”

Zamon.uz Qo‘qon shahridagi savdo majmuasida bo‘lgan yong‘in tafsilotlarini bir nuqtaga jamladi va bozorda savdo qilib kelgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

“10 yil Rossiyada ishlab do‘kon olgandim, bir kechada yonib ketdi”

 

Kecha, 12 iyun kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi savdo majmuasida kelib chiqqan yong‘in sabab yuzlab do‘kondorlarning kiyim-kechaklari, oshxona yonib kulga aylandi. Ayrim tadbirkorlar olov ichidan mahsulotlarini olib chiqishga ulgurgan. Biroq aksariyat savdogarlarning harakatlari besamar ketgan. Hatto yong‘in bozor atrofidagi xonadonlarga ham o‘tgan. Zamon.uz voqea tafsilotlarini bir nuqtaga jamladi va bozorda savdo qilib kelgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

 

«Yong‘in juda dahshatli edi» — voqeaga guvoh bo‘lgan tadbirkorlar

 

Xurshida Doniyorova, savdogar:

— Kecha dam olish edi. Bozorda bo‘layotgan yong‘inni kechga yaqin ijtimoiy tarmoqda tarqalayotgan videolar orqali bilib qoldim. Turmush o‘rtog‘im bilan zudlik bilan yetib bordik. Odamlar orasidan o‘tib, amallab do‘konimizgacha yetib bordik. Ammo ulgurolmadik. Olov yo‘limizni to‘sib qo‘ydi. Do‘konimiz ham, tovarlarmiz ham yonib ketdi. Bir kun avval 270 millionlik yuk tushirtirgandik. Bunday vaziyatda odamni qo‘lidan hech bir ish kelmas ekan.

 

Azizxon Qahhorov, savdogar:

— Yong‘in boshlanganini eshitiboq, qo‘ni-qo‘shnilarni olib bozorga yugurdik. Olov ichidan o‘tib, yuklarimizni katta qismini olib chiqoldik.  Mashina bor, ammo narsalarni uyga olib ketish uchun yo‘l yo‘q, chiqish juda mushkul edi. Yong‘indan sal yiroqdagi yo‘l chetiga qoplarni qo‘yib, tunni shu yerda o‘tkazdik.  

 

Sherzod Jabborov, savdogar:

— O‘zim salkam 10 yildan beri Rossiyada ishlayman. O‘tgan yili mashinamni sotib, topish-tutishim yaxshi bo‘lib turganida kelajak uchun zamin bo‘lsin deya 10 ming dollarga bitta do‘kon olib qo‘ygandim. Sinfdosh do‘stim ijarada turib, shu do‘koni yuritayotgandi. Bir hafta avval O‘zbekistonga kelgandim. Kecha bozordagi yong‘inni eshitib, sarosimaga tushib qoldim. Nima ham qilardim: bu baxtsiz hodisani "elga kelgan to‘y" deya qabul qilishdan boshqa ilojim yo‘q. 

 

Malika Bozorova, savdogar:

— To‘rt yildan beri savdo qilamiz. 4 ta do‘kon narida akamni ham ikkita do‘koni bor. Bozordagi sheriklarimiz yong‘in chiqqani haqida xabar berishdi. Turmush o‘rtog‘im bilan bozorga yetib bordik. Hali bizni do‘konimiz tomonga olov yaqinlashmagan ekan. Yuklarimizni hammasini olib chiqishga ulgurdik. Keyin akamni do‘konini eshigini buzdim (qanday kuch bilan buzib kirganimni eslolmayman). Choyshabga kiyim-kechaklarni solib, ularni ham olib chiqib ketdik. Shundan keyin uydagilarga telefon qilib kattaroq yuk mashina yuborishlarini aytdik. Soat tonggi 3 lardan o‘tib uyga kirib keldik. Ungacha bozor atrofidan chiqolmadik.

Tovarlarimizni vaqtida olib chiqib ketgan ekanmiz, erta tongda yana bozorga qaytib borsak do‘konlarimiz yonib ketganini ko‘rdik.

Bugun tushga yaqin viloyat hokimi va shahar hokimi biz — savdogarlar bilan uchrashdi. Xayrullo Bozorov o‘n kun ichida do‘konlarni ega-egasiga topshirish kerakligini aytdi. Sal bo‘lsa-da ko‘nglimiz taskin topdi.

 

Abror Jo‘raboyev, savdogar:

— O‘tgan yili 7 ming dollarga kichikroq do‘kon sotib olib, tadbirkorlik qila boshlagandim. Shu yil mart oyida 9 ming dollarga do‘konim yonidan yana bitta kattaroq do‘kon olgandim. Bir kechada ikkalasidan ham ayrildim.

Kechagi yong‘in haqida gapirib berolmayman. Juda dahshatli edi. Oyog‘imga shisha sinig‘i kirib ketibdi, og‘riqni sezmapman ham. Tongga yaqin uyga kirib keldim. Shunda ayolim oyog‘im qonga belanib ketganini aytdi. Ertalab shifoxonaga borib, shisha sinig‘ini oldirib keldim. Pochchamni ham yelkasiga temir tushib ketdi. Jarohatlarganlar ko‘p bo‘ldi. Olov bozordan tashqari, xonadonlarga ham o‘tgan.

 

Yuzlab do‘konlardan tashqari 10 ta xonadonga ham o‘t ketgan

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligining maʼlumotlariga ko‘ra, 12 iyun kuni soat 19:17 da Favqulodda vaziyatlar bo‘limi dispetcherlik xizmatiga "Rizq baraka savdo kompleksi" hududida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan.

 

Kuchli shamol esishi oqibatida yong‘in ko‘lami sanoqli daqiqalarda kengayib ketgan.

 

Yong‘in soat 20:25da qurshab olinib, 23:30 da o‘chirilgan.

 

Yong‘indan “Rizq baraka savdo kompleksi" va “Qo‘qon Istiqlol savdo kompleksi”da joylashgan savdo do‘konlar yonib, zararlangan.

 

Savdo komplekslar hududiga tutash qurilgan 10 ta aholi yashash xonadonlari ham yong‘indan zarar ko‘rgan.

 

Qurbonlar va shikastlanganlar yo‘q. Ayni paytda sodir bo‘lgan yong‘in sabablari o‘rganilmoqda va bozor hududida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

 

Yong‘in asoratlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya, harbiylar, barcha korxona, tashkilotlar, mahallalardan hasharchilar jalb etilgan.

 

Respublika va viloyat loyixalash byurolari jalb etilib, qisqa muddatda qurilish ishlarini boshlab, nihoyasiga yetkazish choralari ko‘riladi.

 

Farg‘ona viloyati FVB axborot xizmati rahbari Ahliddin Alijonovning maʼlum qilishicha, yong‘inni o‘chirish uchun viloyatdagi 20 ta yong‘in-qutqaruv avtomobillari jalb etilgan. Bundan tashqari, Namangan viloyati FVBdan ham 5 ta qutqaruv ekipajlari yordamga kelgan.

 

Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

 

Bozorda savdo qiluvchi tadbirkorlarning aytishicha, yong‘in sodir bo‘lishidan avval, yaʼni soat 17:00 larda ayrim do‘konlarda elektr payvandlash ishlari amalga oshirilgan.

 

Bugun Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Qo‘qon bozoridagi yong‘indan so‘ng savdogarlar bilan uchrashdi. Hokim do‘konlar qurilishi bitgunga qadar bozor oldidagi ko‘cha vaqtincha savdo qilish uchun ajratilishini maʼlum qildi.

 

Bosh prokuratura maʼlumotiga ko‘ra, savdo komplekslarida sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Hozirda Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bahriniso Madumarova

custom img

Dunyoda shakar taqchilligi xavfi kuchaymoqda: narxlar 25 foizdan ko‘proqqa oshdi

El-Nino shakar bozoriga eng kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy hodisalardan biri hisoblanadi.

custom img

Ko‘mir qachon va qayerdan sotiladi? “O‘zbekko‘mir” rasmiy ma’lumot berdi

Ayni paytda hududlarga ko‘mirni taqsimlash va birja savdolariga chiqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

custom img

Saida Mirziyoyeva ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

U o‘qituvchilarning yosh avlod tarbiyasidagi sa’y -harakatlarini e’tirof etdi.

custom img

Ishdan bo‘shatilganlar uchun yangi tartib: muddatidan oldin pensiya olish mumkin

Belgilangan yosh va mehnat stajiga ega bo‘lib, ishdan bo‘shatilgan ayrim fuqarolarga uch oy davomida ish topilmasa, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi.

custom img

Qabul-2026: imtihondan “yiqilgan” qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi

Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan yoshlar uchun 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’limga qo‘shimcha 500 ta maqsadli va 6 500 ta to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari tasdiqlandi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylarini tabrikladi

Tabrikda ta’lim sohasidagi yutuqlar qayd etilib, ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janni Infantinoni qabul qildi

Uchrashuvda U-20 jahon chempionati va futbolni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Chipta yo‘q, qarshilik bor: Toshkentlik yo‘lovchi 3 sutkaga qamaldi

Fuqaro avtobusdan tushganidan so‘ng yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni so‘ragan nazoratchi bilan janjallashib, unga kuch ishlatishga uringan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"