Toshkentdagi avtoturargohda yong‘in chiqdi
FVV holat bo‘yicha maʼlumot berdi.

Bugun, 14 iyun kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi avtomobillar turargohida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, soat 20:32 da Sergeli tumani “So‘g‘diyona” MFY Obihayot ko‘chasida joylashgan yuk avtomobillar turargohida turgan parfyumeriya mahsulotlari yuklangan yuk tashuvchi avtomobilida yong‘in yuzaga kelgan va uning yaqinida bo‘lgan boshqa bir yuk avtomobili ham yong‘indan zararlangan.
Shunga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 20:39 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 20:44 da o‘rab olingan va soat 20:51da o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.








