Oq uy “taxti”ga yana bir daʼvogar chiqdi
Mayami meri ham siyosiy poygaga kirmoqchi.

Mayami meri Frensis Suares kelasi yilning noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentligi saylovlarida ishtirok etish niyati borligini maʼlum qildi. U Respublikachilar partiyasidan nomzodini qo‘yadi.
45 yoshli siyosatchi asli kubalik amerikalik. 2017 yilda u Mayami shahri rahbari etib saylangan, 2021 yilda esa yangi muddatga qayta saylangan.
Avvalroq Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlik uchun kurashish niyati haqida Oq uyning sobiq rahbari Donald Tramp, Florida gubernatori Ron DeSantis, sobiq vitse-prezident Mayk Pens, Janubiy Karolina senatori Tim Skott, AQSHning BMTdagi sobiq doimiy vakili Nikki Xeyli maʼlum qilgan edi. Shuningdek, Shimoliy Dakota gubernatori Dug Bergum va Nyu-Jersi sobiq gubernatori Kris Kristi ham o‘z kuchini sinab ko‘rish niyatida.








