Dam olish kunlari issiq havo harorati saqlanib turadi
Havo harorati iqlimiy meʼyorlardan 5-8 daraja yuqori bo‘ladi.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, bugun va dam olish kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati ushbu davr uchun iqlimiy meʼyorlardan 5-8 darajaga yuqori bo‘ladi. Kunduzi havo 38-41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda baʼzi joylarda 42-43 darajagacha isiydi.
Maʼlum qilinishicha, bunday qiymatlargacha havo harorati 2016 va 2021-yillarning eng issiq iyun oylarida ko‘tarilgan.
Respublikaning shimoliy va cho‘l hududlarida shamol tezligi baʼzi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Toshkent shahrida havo bulutsiz bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan 38-40 daraja bo‘ladi.







