"Yangi O‘zbekiston: mintaqalarni bog‘lovchi ko‘prik"
Toshkentda o‘tkazilayotgan “Sheriklik tashabbuslari haftaligi” doirasida kecha “Yirik transport infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalari – iqtisod o‘sishining asosiy tamoyili” hamda “O‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish: dolzarb takliflar va yechimlar” mavzularda panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtimizdagi Event Hall majmuasida bo‘lib o‘tayotgan “Sheriklik tashabbuslari haftaligi” doirasida kecha “Yirik transport infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalari – iqtisod o‘sishining asosiy tamoyili” hamda “O‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish: dolzarb takliflar va yechimlar” mavzularda panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilxom Maxkamov, Tojikiston Respublikasi transport vaziri Azim Ibrohim, Qirg‘iz Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev, Latviya Respublikasi transport vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Uldis Reymanis, TRASEKA Bosh kotibi Aset Asavbayev, YETTBning Bosh bankiri Aleksandr Tatyanin, Jahon banki mutaxassisi Garsio Navvaro, USAIDning “Markaziy Osiyoda savdo” loyihasi transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Ayjan Beyseyeva, UBC biznes-klublari assotsiatsiyasi prezidenti Vesselin Xalachev, “DB Engineering & Consulting GmbH” kompaniyasining loyihalar menejeri Innokentiy Zagumenov, TAV Technologies kompaniyasining Amerika, Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Aytan Mastaliyeva, “ATR” kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Jeromi Gabori, Bougues consruction” kompaniyasi tijorat direktori Olivye Klyuzen ishtirok etdi.
Tadbirda Transport vaziri Ilxom Maxkamov so‘nggi yillarda O‘zbekistonning trapnsport sohasida erishgan yutuqlari va sohada amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi:
"Mamlakatimizda 5 ta xususiy aviakompaniya (Qanot Sharq Airlines, Silk Avia, Humo Air, Panorama Airways, Centrum Air) ish boshladi.
Shuningdek, shahar transportini rivojlanish borasida so‘nggi 5 yilda uzunligi 29 km dan ortiq bo‘lgan 19 ta metro stansiyasi qurildi va foydalanishga topshirildi. Birgina shu yilning o‘zida 1000 dan ortiq avtobus sotib olindi, ulardan 300 tasi elektrobusdir.
Ushbu ishlarning samarasi o‘laroq, shahar transportida yo‘lovchilar tashish hajmi 1,6 barobarga oshdi.
Transport xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish maqsadida xususiy sektor uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, harakatlanuvchi tarkibni yangilash, biznes-jarayonlariga raqamlashtirishni joriy etish va boshqa chora-tadbirlar orqali temir yo‘l transporti sohasida islohotlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda raqamli texnologiyalarni joriy etishni kuchaytirish zamon talabi bo‘lib qolmoqda.
Transport va logistika sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish jarayonini tezlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzurida yagona integrator "Raqamli transport" markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifalari har xil transport turlarini integratsiyalash va foydalanuvchilar uchun interaktiv xizmatlar turlarini kengaytirish va ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etishdan iborat.
Taʼkidlab o‘tmoqchimanki, tarixda birinchi marta biz turkiyalik hamkasblar bilan ruxsatnoma blankalarini elektron almashish tizimini (E-permit) joriy etdik.
Shuningdek, Ozarbayjon bilan aralash tashuvlarni amalga oshirishda (havo va avtomobil transporti ishtirokida) E-TIR tatbiq etildi.
Bundan tashqari, biz Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan “Raqamli-TIR”ga muvaffaqiyatli o‘tdik va yaqin kelajakda Turkmaniston bilan o‘tishni rejalashtirmoqdamiz".
Mazkur panel sessiyalari ishida Qozog‘iston, Turkmaniston, Belarus, Ozarbayjon, Latviya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Germaniya, Avstriya kabi davlatlardan 50 dan ortiq xorijiy mehmonlar bevosita qatnashdi.
Tadbir davomida xorijlik mutaxassislar har bir mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida hal qiluvchi o‘rinni egallagan transport sohasida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, xalqaro yuk tashuvlari va logistikani rivojlantirish orqali davlatlar va mintaqalar o‘rtasida xalqaro savdoni kengaytirish, barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni taʼminlashda birgalikdagi saʼy-harakatlarning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Tojikiston Respublikasi transport vaziri Azim Ibrohim bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash har bir davlat tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishiga aylanganini, ushbu jarayonlarda transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat qaratilayotganini taʼkidlab o‘tdi. Vazir janoblari buning yorqin namunasi sifatida 2022 yil 20 iyundan boshlab 1990 yillar boshida to‘xtatib qo‘yilgan Dushanbe – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdlari harakati qayta tiklanganini qayd etdi.
"Aynan, transport-infratuzilmaviy kommunikatsiyalarni takomillashtirish va Markaziy Osiyoga xalqaro tranzit yuk tashuvchilarini jalb etish mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi eng muhim yo‘nalishlardan biridir. Shu maʼnoda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasining amalga oshirilishi Markaziy Osiyoni butun bir logistika xabiga, yaʼni jahonning muhim bozoriga aylantirishga hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir," — dedi Qirg‘iziston Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev.
Latviya Respublikasi transport vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Uldis Reymanis o‘z chiqishida aynan Yevropa va Osiyo o‘rtasida xalqaro savdoni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni taʼminlashda transport va logistikaning muhim rolini alohida taʼkidlab o‘tdi.
“Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida intermodal va multimodal transchegaraviy hamda tranzit transport xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish, shuningdek, Boltiq dengizi multimodal koridori orqali Yevropa Ittifoqidan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yetkazib berish zanjiri salohiyatini mustahkamlash va kengaytirish dolzarb vazifa. Aynan transport sohasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlarimiz ushbu vazifani uddalashga xizmat qilmoqda", — dedi Uldis Reymanis.
Taʼkidlash joizki, tadbir davomida o‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish yuzasidan dolzarb takliflar ilgari surildi.
Mazkur yo‘nalishda yangi transport koridorlarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan loyihalar alohida eʼtirof etildi.







