Markaziy saylov komissiyasi natijalarni tasdiqladi
Saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 80 foizi o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.

Markaziy saylov komissiyasi majlisida 2023 yil 9 iyul kuni o‘tkazilgan prezident saylovi yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzildi hamda saylov natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Jumladan, saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti lavozimiga saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Mahmudovaga saylovchilarning 4,43 foizi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovga 4,02 foizi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Hamzayevga 3,74 foizi yoqlab ovoz berilganligi bayonnomada aks ettirildi.
Qayd etilganidek, prezident saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 milliondan ziyodi yoki qariyb 80 foizi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.







