O‘zbekistonlik matematiklar xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘ldi
Ular qanday mukofot oladi?

O‘zbekistonlik yosh matematiklar Xalqaro olimpiadada 3 ta medalga ega chiqishdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.
Yaponiyaning Chibo shahrida 5-13 iyul kunlari 64-Xalqaro matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tda. Unda dunyoning 112 ta mamlakatidan jami 623 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi. Musobaqada O‘zbekistonlik 3 nafar o‘quvchi bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
G‘olib o‘quvchilar:
Ozodbek Axtamov - Toshkent shahar, Al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktabi 9-sinf o‘quvchisi;
Anvarbek Raxmatov - Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani, Ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi;
Anvarbek Sadulloyev - Buxoro viloyati, Peshku tumani, 18-maktab, 11-sinf o‘quvchisi.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, 3-o‘rin (bronza medal) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 mln so‘m), ustoziga 150 baravar (49,5 mln so‘m) pul mukofotlari beriladi.
Maʼlumot uchun, o‘zbekistonlik yoshlar 1997 yildan boshlab ishtirok etayotgan mazkur nufuzli musobaqada hozirga qadar 10 ta kumush va 32 ta bronza medallari qo‘lga kiritilgan.
Bugun olimpiadaning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi.







