O‘zbekistonda ilk marotaba davlat–xususiy sheriklik asosida GES quriladi
Inshootlar qurilishiga Jahon banki mablag‘lari hisobidan yuqori malakaga ega xorijiy maslahatchilar yo‘llangan.

“O‘zbekgidroenergo” AJ umumiy quvvati 46,6 MVt, yillik o‘rtacha ishlab chiqarish hajmi 179 mln kVt/soat va umumiy qiymati 106,9 mln dollar bo‘lgan 5 ta - “Qizildaryo”, “Suvlisoy”, “Dukentsoy”, “Ko‘ksuv” va “Quyi Ko‘ksuv» GES loyihalarini investorlar (xususiy sherik) jalb qilish maqsadida tenderga qo‘ydi.
Energetika vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida quriladigan birinchi GES bo‘ladi.
Qayd etilishicha, DXSH asosida qurilishi rejalashtirilgan GESlarga Jahon banki tomonidan “Institutsional salohiyatni oshirish” grant mablag‘lari hisobidan yuqori malakaga ega xorijiy maslahatchilar yo‘llangan.
Tender yagona lot orqali avgust oyida o‘tkaziladi.







