Yevropa diplomatiyasi rahbari Qurʼonning yoqib yuborilishini qoraladi
Bayonotda xilma-xillikni hurmat qilish Yevropa Ittifoqining asosiy qadriyati ekani alohida taaʼkidlangan.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel chorshanba kuni musulmonlarning muqaddas kitobi Qurʼonning yoqib yuborilishi munosabati bilan bayonot berdi.
Yevropa tashqi harakatlar xizmati bayonotida aytilishicha, Yevropada shaxslarning ko‘plab musulmonlarni xafa qilgan so‘nggi harakatlaridan keyin YI diniy nafrat va murosasizlikni qo‘zg‘atuvchi har qanday harakatga keskin qarshi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
«Xilma-xillikni hurmat qilish Yevropa Ittifoqining asosiy qadriyatidir. Bu boshqa diniy jamoalarga hurmatni ham o‘z ichiga oladi», — deyiladi bayonotda.
Yevropa diplomatiyasi rahbari J.Borrel Qurʼon yoki boshqa muqaddas deb hisoblangan kitobni tahqirlash haqorat, hurmatsizlik va aniq provokatsiya ekanini taʼkidladi.
Xabar berilganidek, Kopengagenda Iroqning Daniyadagi elchixonasi binosi oldida Qurʼon nusxasini yoqish bo‘yicha aksiya o‘tkazildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi muqaddas kitoblarni kamsituvchi har qanday xati-harakatlarni qoralab, bunday xati-harakatlarni xalqaro huquqning buzilishi deb tan olgan rezolyutsiyani qabul qildi.








