Dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo ma'lumoti e'lon qilindi
Havo harorati biroz pasayadi

"O'zgidromet" ma'lumotlariga ko'ra, 27-iyuldan boshlab O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga Qozog‘istondan nisbatan salqin havo oqimlari kirib kelishi boshlangan. Natijada Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyatida harorat 6-9 darajaga, ba’zi joylarda esa 10-12 darajagacha pasaydi.
Qayd etilishicha, bugun nisbatan salqin havoning kirib kelishi O‘zbekistonning qolgan barcha hududlariga tarqaladi, ammo haroratning pasayishi respublikaning shimoli-g‘arbida pasaygani kabi sezilarli bo‘lmaydi. Shunga ko'ra, bugun kunduz kuni respublika hududining katta qismida kunduzgi harorat 33-38 daraja atrofida, janubda 40-42 darajagacha bo‘ladi.
Mamlakatning katta qismida bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Samarqand, Jizzax viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda asosan jadalligi biroz bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida 28-30-iyul kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.







