AQSH Davlat kotibi Blinken isyonchilarni Niger prezidenti va uning oilasini ozod qilishga chaqirdi
Entoni Blinken Niger prezidenti Muhammad Bazum bilan telefon orqali muloqot qildi.

“Niger prezidenti Bazum bilan hozirgi konstitutsiyaviy inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha davom etayotgan saʼy-harakatlarimiz haqida bildirish uchun gaplashdim. Qo‘shma Shtatlar uni va oilasini zudlik bilan ozod qilishga chaqirig‘imizni qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi siyosatchi X (sobiq Twitter) sahifasida.
Avvalroq, RFI radiostansiyasiga bergan intervyusida Blinken AQSH harbiylarining Nigerdan olib chiqilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berishdan qochgan edi. Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Nigerda 1000 askarga ega va ulardan xorijliklarni evakuatsiya qilishda foydalanishni rejalashtirmayapti.
Iyul oyi oxirida Niger harbiylari milliy televideniye orqali Bazum hokimiyatdan chetlashtirilganini eʼlon qildi. Prezident gvardiyasi qo‘mondoni general Abdurahmon Tchiani davlat televideniyesida to‘ntarish ishtirokchilari tomonidan tuzilgan “Vatan mudofaasi bo‘yicha milliy kengash” rahbari sifatida chiqdi. Aksariyat G‘arb davlatlari rahbarlari va EKOVAS mintaqaviy tashkiloti davlat to‘ntarishini qoraladi.







