O'zbekiston

Prezident quruvchilarga tabrik yo‘lladi

“Sizlarga mustahkam sog‘lik, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda yangi-yangi yutuqlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman”, — deyiladi tabrikda.

Prezident quruvchilarga tabrik yo‘lladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi.

 

“Qadrli quruvchi bunyodkorlar!

 

Avvalo, siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

El-yurtimiz sizlar kabi ming-minglab mohir quruvchi va muhandislar, usta va meʼmorlarni, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillarini Yangi O‘zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlar deb biladi.

 

Sizlarning olijanob mehnatingiz bilan barpo etilayotgan yangi-yangi turarjoylar, ishlab chiqarish obyektlari, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, taʼlim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, hayotimizning yana-da obod va farovon, fayzli bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Darhaqiqat, xalq manfaatini o‘ylab mustahkam va ko‘rkam imoratlar qurish, ravon yo‘l va ko‘priklar bunyod etish dunyodagi eng savobli va xayrli ishlardan biridir.

 

Bugungi quvonchli ayyomda mana shunday ezgu faoliyatingiz uchun sizlarga har qancha tashakkur aytsak, arziydi, albatta.

 

Aziz yurtdoshlar!

 

Hozirgi kunda mamlakatimiz tom maʼnoda ulkan qurilish maydoniga aylanganiga barchamiz guvohmiz. Boshqa jabhalar qatorida qurilish tarmog‘i ham jadal rivojlanmoqda, sohaga yangi texnologiya va innovatsiyalar, eng zamonaviy meʼmoriy yechimlar faol kirib kelmoqda.

 

O‘tgan yetti yil davomida yurtimizda qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016 yildagi 30 trillion so‘m o‘rniga 2022 yilda 131 trillion so‘mga, joriy yilning birinchi yarmida esa 68 trillion so‘mga yetgani mamlakatimiz bunyodkorlari qisqa davrda qanday katta yo‘lni bosib o‘tganidan dalolat beradi.

 

Bu haqda so‘z yuritganda, so‘nggi yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 1 ming 500 dan ortiq qishloq va mahallalarda yo‘l va transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganini taʼkidlash lozim.

 

Aholimizning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishdagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Shu yilning o‘zida “Yangi O‘zbekiston” massivlari va uy-joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda 90 ming kvartiraga ega uy-joylar barpo etilayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

 

Bugungi kunda mamlakatimiz qurilish sohasida ham yangi davr boshlandi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Avvalo, sohaning huquqiy va moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, respublikamizning barcha hududlarida ilg‘or texnologiya va yondashuvlar asosida faoliyat yuritadigan yangi-yangi qurilish tashkilotlari paydo bo‘layotgani, qurilish materiallari industriyasi yuqori surʼatlar bilan rivojlanayotgani, malakali yetuk kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani shunday deb aytishga asos beradi.

 

Hurmatli do‘stlar!

 

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi oldimizga qo‘yayotgan muhim va dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda, sizlar bilan birgalikda sohada islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, bosh reja va shaharsozlik hujjatlari loyihalarini yangicha mezonlar asosida yaratish uchun katta harakatlarni boshladik. Jumladan, urbanizatsiya bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda 2023–2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlari shakllantirilmoqda.

 

Qurilish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, sifat va samaradorlikni oshirish, zahmatkash quruvchilarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni har tomonlama rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida bo‘lib qoladi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

 

Siz, azizlarni, mamlakatimiz qurilish sohasini taraqqiy ettirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

 

Sizlarga mustahkam sog‘lik, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda yangi-yangi yutuqlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.

 

Jonajon O‘zbekistonimiz, shahar va qishloqlarimizning obodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida qilayotgan mehnatlaringizning rohatini ko‘ring!”, — deyiladi tabrik matnida.

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.

Prezident quruvchilarga tabrik yo‘lladi | Zamon.uz