Qirg‘izistonda TikTok bloklanishi mumkin
Bu haqda mamlakat Madaniyat vazirligi maʼlum qildi.

Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini “blokirovka” qilish niyatida ekanini maʼlum qildi.
Bunga «bir qator nodavlat notijorat tashkilotlarining TikTok ijtimoiy tarmog‘ining bolalarning aqliy rivojlanishi va sog‘lig‘iga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi zararli taʼsiri haqidagi xavotirlari» sabab bo‘lgan.
«Ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda va o‘tkazilgan monitoring asosida Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi Qirg‘iziston Respublikasi hududida TikTok xizmatini tarqatish faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi», — deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda TikTok 2021 yil yozidan beri taqiqda.







