Yaponiya KXDRga protest kiritdi
Shimoliy Koreya tunda ikkita ballistik raketa sinovini o‘tkazdi.

Yaponiya payshanbaga o‘tar kechasi ikkita ballistik raketa sinovini amalga oshirgani munosabati bilan Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga nisbatan protest eʼlon qildi. Bu haqda kun chiqar yurt hukumati matbuot xizmati maʼlum qildi.
Mazkur bayonotda, jumladan, shunday deyilgan:
"Ballistik raketalar uchirilishi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalari talabi buzilganini anglatadi va mamlakatimiz xavfsizligini taʼminlash masalasida jiddiy muammo keltirib chiqaradi. Shu munosabat bilan KXDRga qatʼiy protest kiritamiz".
Maʼlumotga ko‘ra, 50 kilometr balandlikda uchgan raketalar 350-400 kilometrga borib, Yaponiya iqtisodiy hududiga tushgan. Voqea oqibatida biror zarar yetgani to‘g‘risida maʼlumot yo‘q.
Yaponiya “AQSH va Koreya Respublikasi bilan yaqin hamkorlikda mazkur voqea bilan bog‘liq maʼlumotni to‘plash va tahlil qilishda davom etishi”ni maʼlum qilgan.







