Jahon banki Ukrainaga 232 mln dollar ajratdi
Mablag‘ uy-joylarni taʼmirlashga mo‘ljallangan.

Jahon banki Ukrainaga Rossiya hujumlaridan zarar ko‘rgan uylarni zudlik bilan taʼmirlash uchun 232 million dollar yordam ajratdi. Bundan tashqari, 100 mingdan ortiq ukrainalik oilalarga tovon puli beriladi.
Loyiha mulkdorlarga singan oynalarni almashtirish yoki shikastlangan tomni tuzatish kabi kichik taʼmirlash ishlarini amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, o‘rtacha darajada shikastlangan va kapital taʼmirlashga muhtoj bo‘lmagan ko‘p qavatli uylar egalariga taʼmirlash mablag‘lari ajratiladi.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainaning uy-joy sektori hujumlar natijasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri 50 milliard dollardan ortiq zarar ko‘rgan. Bular beshta hududdagi 98 mingga yaqin yakka tartibdagi uy-joy va 160 ta ko‘p xonadonli uydagi 8 mingta turarjoydir.
Keyinchalik Jahon banki va hamkorlar tomonidan kredit kafolatlari, grantlar va boshqa hissalar ko‘rinishida 800 million dollargacha qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.







