Iqlim o‘zgarishining “adolatsiz qurboni” bo‘layotgan Afrika
Qitʼada ob-havo prognozi yo‘qligi minglab insonlar o‘limiga olib kelmoqda.

Keniyada dushanba kuni Birinchi Afrika iqlim sammiti o‘z ishini boshlaydi. Unda iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan qitʼaga yordam ko‘rsatish masalasi ko‘rib chiqiladi. Afrikaning iqlim o‘zgarishiga moslashishiga katta sarmoya kiritish, shu jumladan, oldindan prognoz qilish sifatini yaxshilash dolzarb malasala bo‘ladi.
Jahon Meteorologiya Tashkiloti maʼlumotlar bazasiga ko‘ra, Afrikada ob-havoni kuzatish uchun atigi 37 ta, Yevropada 345 ta radar qurilmasi mavjud. Shimoliy Amerikada esa bu 291 ta.
Kembrij universiteti qoshidagi Ekzistensial xavfni o‘rganish markazi tadqiqotchisi Asaf Zaxor 2050 yilga borib iqlim o‘zgarishi Afrikaga har yili 50 milliard dollardan ko‘proq zarar keltirishi haqida ogohlantirdi. O‘sha vaqtga kelib Afrika aholisi ikki baravar ko‘payishi kutilmoqda.
“Kichik fermer xo‘jaliklariga investitsiya qilishning maʼnosi yo‘q, chunki suv toshqini ularni shunchaki yuvib yuborishi mumkin. Chunki ushbu mintaqada ob-havo deyarli oldindan prognoz qilinmaydi va shunga qarab chora ko‘rilmaydi”, deydi Zaxor.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Antoniu Guterrish Afrika iqlim sammitida iqlim inqirozining "adolatsiz qurbonlari" haqida gapirishini aytdi.
Birinchidan, Afrika davlatlari global isishga deyarli hech qanday hissa qo‘shgani yo‘q, ammo ular bugungi kuchli bo‘ronlar, qurg‘oqchilik va toshqinlarning oldingi saflarida turishibdi.
Ikkinchidan, Afrikada quyosh, shamol va gidroenergetika, shuningdek, muhim minerallar ko‘p bo‘lsada, hukumatlar qayta tiklanadigan energiyaga sarmoya kiritishga to‘sqinlik qiluvchi yuqori darajadagi qarz va foiz stavkalariga duch kelmoqda.
Iqlim sammitiga mezbon bo‘lgan Keniya, Janubiy Afrika va Marokash bilan bir qatorda nisbatan yaxshi rivojlangan ob-havo xizmatiga ega Afrikadagi kam sonli mamlakatlardan biridir. Milliy g‘aznachilik maʼlumotlariga ko‘ra, Keniya bu yil meteorologiya xizmati uchun taxminan 12 million dollar ajratdi. Aksincha, AQSH Milliy ob-havo xizmatining 2023-moliya yili uchun byudjet so‘rovi 1,3 milliard dollarni tashkil etdi.
“Dunyoning umumiy quruqlik maydonining beshdan bir qismini egallashiga qaramay, Afrika barcha qitʼalar orasida eng kam rivojlangan quruqlik kuzatuv tarmog‘iga ega.
Somali va Mozambik kabi mamlakatlarda ob-havo monitoringi va erta ogohlantirish tizimlarining yo‘qligi tropik bo‘ronlar hamda suv toshqini kabi ofatlarda minglab odamlarning o‘limiga olib keldi.
2019 yilda Mozambikning markaziy hududiga «Idai» sikloni kirib kelganidan so‘ng aholi rasmiylardan umuman ogohlantirish olmaganini aytdi. 1000 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Jahon Meteorologiya Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, «Idai» Afrikadagi eng ko‘p moddiy zarar keltirgan ofat bo‘lib, bu miqdor 1,9 milliard dollarni tashkil etdi.
Afrikaning ko‘p qismida ob-havo maʼlumotlarining yo‘qligi ham baʼzi tabiiy ofatlarni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lash harakatlarini murakkablashtiradi.
"Bizga zudlik bilan ushbu juda zaif mintaqada ishonchli iqlim maʼlumotlari va tadqiqotlar kerak", deyiladi mutaxassislarning hisobotida.







