Yaponiya AESdan zarar ko‘rgan baliqchilarga mablag‘ ajratadi
Avvalroq hukumat baliqchilik sanoatini qo‘llab-quvvatlashni bildirgandi.

Yaponiya «Fukusima-1» atom elektr stansiyasidagi suvni okeanga to‘kilishi ortidan zarar ko‘rgan baliqchilarga 137 million dollar ajratadi.
Yangi yordam paketi baʼzi davlatlar, birinchi navbatda, Xitoy tomonidan yapon dengiz mahsulotlari importiga qo‘yilgan embargo tufayli yetkazilgan zararni kamaytirish uchun mo‘ljallangan.
Avvalroq Bosh vazir Fumio Kisida Yaponiya hukumati baliqchilik sanoatini qo‘llab-quvvatlashini va Xitoy kabi bozorlarga qaramlikni kamaytirish uchun dengiz mahsulotlari eksporti tuzilmasini o‘zgartirishini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, 24 avgust kuni Yaponiya «Fukusima-1» AESdan radioaktiv moddalardan tozalangan suvning birinchi partiyasini okeanga tashlashni boshladi. Stansiyadagi rezervuarlarda 1,25 million tonnadan ortiq suv to‘plangan bo‘lib, u 2011 yilning mart oyidagi sunami oqibatida shikastlangan reaktorlarni sovitish uchun ishlatilgan. Rasmiylarning taʼkidlashicha, suv umuman radioaktiv moddalardan tozalangan, unda faqat vodorod (tritiy) izotopi mavjud. Biroq Xitoy bu harakatlarini keskin qoraladi va yapon dengiz mahsulotlarini import qilishni butunlay taqiqladi.







