Eron gipertovushli ballistik raketalarning yangi avlodini ishlab chiqadi
Mamlakat dunyoda bunday qurolga ega bo‘lgan to‘rtinchi davlatga aylandi.

Eron harbiylari gipertovushli ballistik raketalarning yangi avlodini ishlab chiqadi. Bu haqda «Sputnik» nashri yozmoqda.
“Yangi avlod gipertovushli ballistik raketa ishlab chiqilmoqda... Bugun biz ilgari taqdim etgan Fattoh gipertovushli raketasi kabi 2 ming kilometr masofaga uchadigan raketalarimizning sifati va imkoniyatlarini yaxshilashga intilmoqdamiz”, — dedi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Operatsiyalar qo‘mondonligi o‘rinbosari Abbos Nilforushan.
Eron o‘zining birinchi mahalliy gipertovushli ballistik raketasini 2022 yil noyabr oyida ishlab chiqdi. Iyun oyida Eronda bo‘lib o‘tgan Eron qurollari ko‘rgazmasida uni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi havo kuchlari boshlig‘i Amir Hojizoda taqdim etdi. Raketa Fattoh nomini oldi. Hojizodaning so‘zlariga ko‘ra, raketa 1,4 ming kilometr masofaga zarba bera oladi.
Shuningdek, u raketa dushman havo mudofaasi uchun “deyarli daxlsiz” ekanligini taʼkidladi. Shunday qilib, Eron dunyoda gipertovushli qurolga ega bo‘lgan to‘rtinchi davlatga aylandi. Rossiya va Xitoy gipertovushli qurollarga ega, Qo‘shma Shtatlar ham gipertovushli qurollarni sinovdan o‘tkazmoqda.







