Jahon

BMT Bosh assambleyasining bosh mavzusi – Ukraina

Dunyo siyosatchilari mojaroga qanday yechim taklif qildi?

BMT Bosh assambleyasining bosh mavzusi – Ukraina

 

Xabaringiz bor, 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi boshlandi. Birinchi kundanoq notiqlar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, asosiy eʼtibor Ukrainadagi urush masalasiga qaratildi. Ayniqsa, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning nutqi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

 

Zelenskiy: “Rossiya yadro quroliga egalik qilishga haqsiz”

 

“Hozirgi urushdan maqsad – bizning mamlakatimiz, xalqimiz, bizning hayotimizga chek qo‘yishdir. Shuningdek bu sizga qarshi, dunyodagi qoidalarga asoslangan tinchlikka qarshi quroldir”, – dedi Zelenskiy dunyo yetakchilariga qarata.

 

Zelenskiy Rossiya butun dunyoni urushga tortishga urinayotgani, Ukraina esa o‘z g‘alabasi bilan hech kimning boshqa xalqqa hujum qilish imkoni yo‘qligini ko‘rsatmoqchi ekanini aytdi. Shuningdek, u har qanday harbiy jinoyat jazolanishi, deport qilinganlar o‘z uyiga qaytishi kerakligini ham eslatib o‘tdi.

 

Ukraina prezidenti Rossiya yadro quroliga egalik qilish huquqiga ega emasligini taʼkidladi.

 

“Ukraina kattaligi bo‘yicha o‘zining uchinchi yadro arsenalini berganda butun dunyo bu kuch Rossiyada saqlanishi kerak, deb qaror qilgan edi. Ammo keyingi tarix aynan Rossiya 1990 yillardayoq qurolsizlantirilishi keraklini ko‘rsatdi. Hozir esa u yadro quroliga egalik qilish huquqiga umuman ega emas”, – dedi Zelenskiy.

 

Bayden: “Faqat Rossiya tinchlikka to‘sqinlik qilmoqda”

 

Zelenskiydan avval nutq so‘zlagan AQSH prezidenti Jo Bayden ham faqat Rossiya tinchlik yo‘lini to‘sib turganini taʼkidladi. U bunday inqirozli davrda Amerika zimmasiga qanday masʼuliyatni olishi kerakligini tushunishini aytib, BMT aʼzolarini Rossiya agressiyasiga qarshi turishga chaqirdi.

 

Bayden BMT uchrashuvi Rossiya tufayli ketma-ket ikkinchi marta urush mavzusiga bag‘ishlagayotganiga ham diqqat qaratdi.

 

“Rossiya dunyo holdan toyib, unga Ukrainada hech bir oqibatlarsiz vahshiylik qilishga qo‘yib beradi, deb umid qilmoqda. Ammo sizdan shuni so‘rayman: agar biz agressorni tinchlantirish uchun BMT xartiyasining asosiy tamoyillaridan voz kechsak, tashkilotning biror aʼzosi o‘zining himoyalanganiga ishonch bildira oladimi? Agar biz Ukraina parchalanishiga yo‘l qo‘yib bersak, istalgan davlat mustaqilligi kafolati haqida gapirishga haqqimiz qoladimi? Albatta yo‘q! Shuning uchun ham Qo‘shma Shtatlar o‘z ittifoqdoshlari va hamkorlari bilan birgalikda Ukrainaning o‘z ozodligi, suverenligi va hududiy yaxlitligini himoya qilayotgan jasur xalqi bilan yelkadosh bo‘ladi”, – dedi Bayden.

 

Ekspertlar Baydenning nutqida Ukrainaga bag‘ishlangan qismi kutilganidan kam bo‘lganini aytmoqda. Ammo uning so‘zlari BMT minbaridan qatʼiy va ishonch bilan yangradi. Ukrainaga yordam berish davom etishini vaʼda qilar ekan, AQSH prezidenti muholif respublikachilarni bu milliardlar havoga sovurilmayotganiga ishontirishi lozimligini ham qo‘shib ketdi.

 

Guterrish: “Ukrainadagi urush – uzoq davom etayotgan dahshat”

 

BMT bosh kotibi Antoniu Guyerrish ham o‘z chiqishida Baydenni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U Ukrainada hamon davom etayotgan urushni “tugamayotgan dahshat” deb atadi.

 

Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya boshlagan urush insonlar hayotini buzib, oilalarni parchalamoqda, bolalarning orzularini yo‘qqa chiqarib, ularga ruhiy azob bermoqda.

 

Guterrish hissiyotga to‘la so‘zlardan tashqari butun dunyo Ukraina qishloq xo‘jaligi hamda Rossiya o‘g‘iti oziq-ovqat xavfsizligi va jahon bozoridagi barqarorlikni taʼminlash uchun ahamiyatli ekanini ham gapirdi.

 

“Biz tinchlik uchun kurashni kamaytirmasligimiz kerak. Hatto urush ketayotgan bo‘lsada, Ukraina va undan tashqaridagi fuqarolarning aziyatlarini yengillashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish kerak”, – dedi u.

 

Guterrish shunday imkoniyatlaridan biri Qora dengiz don tashabbusi bo‘lganini eslatdi.  

 

BMT bosh assambleyasi raisi Dennis Frensis ham Ukraina mavzusida gapira turib “Barchamiz bu urush tugashini istaymiz”, deya taʼkidladi. U Ukraina va dunyoning boshqa qismlarida BMT ustaviga va xalqaro huquqqa mos keluvchi barqaror tinchlik zarurligini aytdi.

 

Duda: “Rossiya hujumi natsistlar Germaniyasi hujumi bilan teng”

 

Polsha prezidenti Andjey Duda Bosh assambleyada nutq so‘zlay turib Rossiyaning Ukrainaga hujumini 1939 yilda natsistlar Germaniyasining Polshaga hujumiga tenglashtirdi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda ham, hozir ham boshqalar ustidan hukmronlik qilish orzusi bo‘lgan. “Ammo u kunlar o‘tib ketgan va hech qachon qaytmaydi!” – dedi Duda qatʼiyat bilan.

 

Stoltenberg: “Ukraina jasorati dunyoni lol qoldirdi”

 

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg esa BBC‘ga bergan intervyusida xalqaro hamjamiyat Rossiya agressiyasini tanqid qilishda davom etishi va Ukrainaga yordamni to‘xtatmasligi o‘ta muhimligini taʼkidladi.

 

“Ukraina xalqining jasorati butun dunyoni lol qoldirdi. Agar biz Ukraina taraf bo‘lmaganimizda, hech bir davlat xavfsizlikda bo‘lmas edi”, – dedi Stoltenberg.

 

Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Ukrainadagi urushni muloqot yo‘li bilan to‘xtatish kerakligini aytdi. Uning fikricha, urush “BMT Ustavi maqsad va prinsiplarini jamoaviy taʼminlay olmaslikni” ko‘rsatib qo‘yganini aytdi.

 

“Hech bir yechim, agar u muloqotga asoslanmagan bo‘lsa, doimiy bo‘lmaydi”, – dedi u.

 

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mard Toqayev ham o‘z nutqida Ukrainadagi urush mavzusiga to‘xtalib o‘tdi.

 

“Barcha urinishlarga qaramay, dunyoning turli hududlarida mojarolar davom etmoqda. Biz taraflarni mojaroga diplomatik yechim topishga chaqiramiz”, – dedi Toqayev.

 

BMT Bosh assambleyasining Nyu-Yorkda 19 sentyabr kuni boshlangan 78-sessiyasi 23 sentyabrga qadar davom etadi.

custom img

Dunyo bo‘ylab gumanitar yordam: Yevropa Ittifoqi 710 mln yevro ajratadi

Mablag‘larning bir qismi Afrika, Falastin hududlari, Livan va Ukrainaga yo‘naltiriladi.

custom img

Janubiy Afrikadagi ikkita shaharchada otishma bo‘ldi: 27 kishi vafot etdi

Hujum sababi hozircha noma’lum.

custom img

Qozog‘iston mudofaa vaziri ishdan olindi: qaror 14 harbiy halok bo‘lganidan keyin qabul qilindi

Bundan avval Qosim-Jo‘mart Toqayev Mudofaa vazirligidagi ishlar holatini kompleks tekshirish uchun maxsus komissiya tuzishni topshirgan edi.

custom img

Tailandda turistlar uchun yangi yig‘im: xorijlik sayyohlardan 13,5 dollar undirilishi mumkin

Yig‘imni undirishni 2027-yilning birinchi choragidan boshlash rejalashtirilmoqda.

custom img

Xitoy va AQSh savdo bojlarini 30 mlrd dollarga kamaytirishga kelishdi: tomonlar AI bo‘yicha muloqot boshlaydi

Kelishuv XXR raisining Vashingtonga uch kunlik tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan sakkiz bandli konsensus doirasida tuzilgan.

custom img

Afinada bino portladi: olti kishi halok bo‘ldi

Portlash gaz infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

custom img

Hurmuz blokadasi tufayli 45 mln kishi oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkin — BMT

Hurmuz bo‘g‘ozidagi o‘g‘it yetkazib berishidagi uzilishlar global oziq-ovqat ta’minotiga xavf tug‘dirmoqda.

custom img

10 yillik qidiruv: AQSHda o‘zbekistonlik erkakning ishi sudda ko‘rilmoqda

U ISHID va “An-Nusra fronti”ga moddiy yordam ko‘rsatishga urinishda ayblanmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"