Xitoy Osiyo o‘yinlarida atletlarni sinovdan o‘tkazmoqda
Bugun musobaqaning uchinchi kungi bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

Bir necha kun oldin to‘rt yillikning yana bir nufuzli musobaqalaridan biri Osiyo o‘yinlariga start berildi. Mezbon Xitoyning Xanchjou shahri. Qitʼaning 45 davlatidan kelgan 12 ming 417 nafar sportchi 40 ga yaqin sport turi bo‘yicha bellashuvlarni boshlab yuborishdi. O‘zbekiston sport delegatsiyasidan joy olgan 370 nafardan ortiq sportchi 38 sport turi bo‘yicha qitʼa o‘yinlarida sovrinli o‘rinlar uchun kurashga kirishgan.
Jarayonlar haqida qisqacha
Har kuni shoda-shoda medallar o‘z egalarini topmoqda. Ayni vaqtda qadar umumjamoa hisobida mezbonlar yaqqol peshqadam. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Koreya Respublikasi va Yaponiya jamoalari band etgan. O‘zbekistonlik sportchilar esa umumiy hisobda 21 ta medalni qo‘lga kiritishgan, shu sababli jamoa to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Samimiy tashukkur izhor etildi
Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan XIX Osiyo o‘yinlarini Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov bundan tashqari sport federatsiyalarining prezidentlari bevosita bellashuvlar bo‘lib o‘tayotgan joyning o‘zidan kuzatib bormoqda. Bu esa sportchilarimizga yana-da kuch bag‘ishlashi turgan gap. Shuningdek, musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etgan Osiyo Olimpiya Kengashi vitse prezidenti Otabek Umarov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashib, unga Osiyo Olimpiya Kengashi faoliyatiga bo‘lgan eʼtibori uchun o‘z tashakkurini izhor etdi.
Tarixga nazar
Osiyo o‘yinlari 4 yilda 1 marta o‘tkaziladigan nufuzli sport tadbiri hisoblanadi. Turnirga Osiyo Olimpiada kengashi tomonidan 1949 yil 13 fevralda asos solingan va musobaqani o‘tkazuvchi Osiyo o‘yinlari federatsiyasini tashkil etgan. Uning nizomi Olimpiya o‘yinlari g‘oyalari asosida tuzilgan. Har bir davlat Osiyo o‘yinlarining qaysi turlarida ishtirok etishini o‘zi belgilaydi, lekin ishtirokchilar soni tashkiliy qo‘mita va Osiyo Olimpiada kengashi belgilagan miqdordan oshib ketmasligi kerak. O‘zbekiston sportchilari Osiyo o‘yinlarida 1994 yildan qatnashishni boshlagan.
Eng yaxshi natija 5-o‘rin
Bundan to‘rt yil oldin Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan oxirgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza, jami 70 ta medalni qo‘lga kiritgandi. Mazkur turnirda vakillarimiz 45 davlat orasi umumjamoa hisobida beshinchi o‘rindan joy olgandi. Umuman olganda o‘zbekistonlik sportchilarning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki doim omadli kechgan. Musobaqada yetti bor qatnashgan sportchilarimiz turli yillarda har xil o‘rinlarni band etgan. Biroq, shu kunga qadar jamoaviy hisobdagi eng yaxshi natija beshinchi o‘rin bo‘lib qolmoqda. Delegatsiyamiz vakillari Jakarta, Pusan va Xirosima shaharlarida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida ana shunday natijaga erishishgan. Sportchilarimiz Bankokda 10-o‘rin, Dohada 7-o‘rin, Guangjouda 8-o‘rin va Incheonda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida 11-o‘rindan joy olishgan.
Bu hali hammasi emas
Bugun Xitoy mezbonlik qilayotgan navbatdagi Osiyo o‘yinlarining uchinchi kungi bahslari o‘z yakuniga yetdi. Ayni vaqtda qadar delegatsiyamiz vakillari dzyudo, akademik eshkak eshish, qilichbozlik kabi turlaridan medallarni jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishdi. Hali sportchilarimiz yaqqol favorit bo‘lgan milliy kurash va boks sport turlari bo‘yicha asosiy bellashuvlar oldinda. Shuningdek, musobaqa g‘olibligi uchun asosiy daʼvogar hisoblangan O‘zbekiston futbol terma jamoasi ham o‘z yurishini davom ettirmoqda. Maʼlumot uchun, o‘zbek kurashi Osiyo o‘yinlari dasturiga 2006 yil Qadar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida kiritilgan edi. Jakartada o‘tgan oxirgi o‘yinlarda vakillarimiz milliy kurash bo‘yicha 6 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medali sohibiga aylanishgan. Boks sport turida esa 5 ta oltin va 2 ta kumush medal qo‘lga kiritilgan.







