Rasman: Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjon hududi deb tan oldi
Pashinyan Ozarbayjonning 86,6 ming kv.km. hududini tan olish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa siyosiy hamjamiyatining Granada (Ispaniya) sammiti doirasida Ozarbayjonning 86,6 ming kv. km. hududini tan olish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Ozarbayjonning bu hududi Tog‘li Qorabog‘ yerlarini o‘z ichiga oladi.
Deklaratsiya Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonidan imzolangan.
"Tomonlar Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi, suverenitetni, chegaralar va Armaniston hududi (29800 kv.km.) va Ozarbayjon hududi (86600 kv.km.) daxlsizligini tan olish tarafdori", — deyiladi deklaratsiyada.
Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev sammitda ishtirok etmadi. Ozarbayjonning APA agentligi diplomatik manbaga tayanib, tomonlar Turkiyaning sammitda ishtirok etishiga ruxsat bermagani uchun Ozarbayjon muzokaradan bosh tortganini xabar qildi.
Biroq keyinroq Ozarbayjon prezidenti yordamchisi Hikmat Hajiyev Ozarbayjon prezidenti Bryusselda Armaniston va Yevropa Ittifoqi bilan uchtomonlama muzokaralarga tayyor ekanini aytdi.
Maʼlumot uchun: 19-20 sentabr kunlari Ozarbayjon qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ hududini «aksilterror choralari» natijasida to‘liq nazoratga oldi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi 2024-yil 1-yanvardan o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu farmonni uning prezidenti Samvel Shahramanyan imzolagan. Qorabog‘ qurolli kuchlari ham tarqatib yuborildi.
Tog‘li Qorabog‘da yashagan 125 mingga yaqin aholining ko‘pchiligi hududni tark etib, Armanistonga o‘tdi. BMT maʼlumotlariga ko‘ra, mintaqada ulardan 50 dan 1000 ga yaqin arman qolgan.







