Yopiq eshiklar ortida HAMASning harakatlari haqida nimalar deyildi?
BMTning Xavfsizlik kengashi navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi navbatdan tashqari yig‘ilishda HAMAS harakatini bir ovozdan qoralab chiqmadi. 8-oktabr kuni yopiq eshiklar ortida o‘tgan yig‘ilishda Xavfsizlik kengashi aʼzolari yagona qaror bo‘yicha kelisha olmadi.
"Brifingda aslida nimalar muhokama qilingani haqida batafsil maʼlumot bermoqchi emasman, biroq HAMAS hujumlarini qoralagan bir qator davlatlar bor", — deya AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vuddan iqtibos keltirgan CNN.
Vudning qo‘shimcha qilishicha, ayrim davlatlar HAMASni qoralashga ham tayyor emas.
Amerikalik diplomatga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar BMT oliy organi yig‘ilishidan oldin ham HAMAS bir ovozdan qoralanishini kutayotganini ochiq aytgan.
"Jahon hamjamiyatining sodir bo‘lgan va sodir bo‘layotgan hujumlar va harakatlarni keskin qoralashi muhim", — dedi Robert Vud.







