BMTning 13 ming xodimi G‘azo sektorida qolib ketgan
Bu haqda BMT matbuot kotibi maʼlum qildi.

Isroil blokada haqida eʼlon qilganidan keyin G‘azo sektorida BMTning 13 mingga yaqin xodimi qolmoqda. Bu haqda BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik maʼlum qildi.
Gap Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) xodimlari haqida bormoqda. Dyujarrik ularning aksariyati falastinliklar, 300 ga yaqini boshqa davlat fuqarolari ekanini aytgan.
"Ular mahalliy aholiga yordam berish uchun o‘z vakolati doirasida qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda", — dedi u.
Shu kuni UNRWA G‘azo sektoridagi 137 mingdan ortiq kishi BMTning favqulodda boshpanalariga himoya izlash uchun kelganini, ular 90 foizga to‘lib bo‘lganini eʼlon qildi. Agentlik Falastin eksklavidagi vaziyat yomonlashishda davom etishidan xavotirda.







