Maksim Galkin oilasi bilan Isroilda qoladi
U turmush o‘rtog‘i Alla Pugachyova va farzandlari bilan birga Isroil xalqini shunday og‘ir damlarda qo‘llab-quvvatlamoqchiligini aytdi.

Taniqli rossiyalik yumorist Maksim Galkin Isroilda oilasi bilan qolishini va boshqa davlatga ko‘chib o‘tish imkoniyatini o‘ylab ham ko‘rmaganini aytdi.
“Isroil uchun og‘ir kunlarda biz shu yerdamiz va imkoniyat bo‘lsa ham, ketish haqida o‘ylamaganmiz. Aeroport ochiq. Aviakompaniyalar xavf-xatar mavjud bo‘lsa ham uchishni davom etmoqda, shuning uchun mamlakatdan ketish imkoniyati bor. Lekin biz hech qayerga ketmaymiz. Turmush o‘rtog‘im Alla va farzandlarimiz bilan birgalikda Isroil xalqini shunday og‘ir damlarda qo‘llab-quvvatlamoqchimiz. Bu katta qayg‘u. Biz birdamlikni saqlab turgan xalqning bir qismi ekanimizdan faxrlanamiz”, — dedi u.
Shuningdek, Galkin Isroilda pasport olish uchungina yashamayotganini ham aytdi.
“Nega frontga bormading, deb so‘raydiganlar bor. Agar men Isroil armiyasida xizmat qilsam va Isroilni himoya qilish uchun asos bo‘lsa, ketardim. Ammo men boshqa yo‘l bilan yordam bera olaman: qon topshiraman. Biz mana shunday og‘ir damlarda Alla bilan birga rusiyzabon isroilliklar uchun shu mamlakatda bo‘lishimiz muhim, deb hisoblaymiz. Biz bu yerda faqat pasport kerak bo‘lgani uchungina yashamayapmiz. Men bolalarimni ibroniy (ivrit) tili maktabiga berdim. Biz ularni Amerika diplomatik maktabiga yuborish imkoniga ega edik. Lekin men bolalarim isroilliklar kabi ibroniycha gapirishlarini xohlardim. Men ham til o‘rganyapman”, — deya qo‘shimcha qildi Maksim Galkin.
Eslatib o‘tamiz, shanba kuni Falastinning HAMAS guruhi Isroilga hujum qilib, mamlakat urush holatiga o‘tganidan so‘ng bir qator davlatlar o‘z fuqarolarni Isroildan evakuatsiya qilishni boshladi.







