G‘azoda BMTning 11 nafar xodimi halok bo‘ldi
Ularning ayrimlari o‘z uyida oila aʼzolari bilan birgalikda o‘ldirilgan. Shuningdek, Isroil bombardimoni oqibatida BMT maktablarining 30 nafar o‘quvchisi ham halok bo‘lgan.

HAMAS va Isroil o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarning yangi to‘lqini boshlangandan buyon G‘azoga berilayotgan qurolli zarbalardan BMTning 11 nafar xodimi halok bo‘ldi.
Xalqaro tashkilotning Falastin qochqinlariga ko‘mak bo‘yicha Yaqin Sharq ofisi (UNRWA) direktori o‘rinbosari Jennifer Ostinga ko‘ra, halok bo‘lganlar BMTning G‘azodagi maktabi o‘qituvchilari, shifokor, psixolog, muhandis va boshqa xodimlardir.
"Ularning ayrimlari o‘z uyida oila aʼzolari bilan birgalikda o‘ldirilgan. UNRWA bu yo‘qotishdan qattiq qayg‘uda va halok bo‘lgan hamkasblarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi", – deyiladi idora rasmiy xabarida.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish holat yuzasidan taassuf izhor qilar ekan, tashkilot xodimlari «katta tovon» to‘laganini taʼkidlagan.
Guterrish xalqaro gumanitar huquq tamoyillarini hurmat qilish, tinch aholi qonini to‘kmaslik va qamal ostidagi G‘azoga suv, oziq-ovqat va yonilg‘i yetkazishga chorlagan.
Isroil bombardimoni oqibatida BMT maktablarining 30 nafar o‘quvchisi ham halok bo‘lgan.
Ayni paytda 220 ming falastinlik G‘azo mintaqasidagi BMT maktablarida jon saqlamoqda. UNRWA G‘azoda BMT maktablari ham talafot ko‘rganini maʼlum qilgan.





