Blinken Xitoyni Yaqin Sharqdagi taʼsiridan foydalanishga chaqirdi
AQSH Davlat kotibi xitoylik hamkasbi bilan suhbatlashdi.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Pekinni boshqa davlatlar yoki nodavlat tashkilotlarning Isroilga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Yaqin Sharqdagi taʼsiridan foydalanishga chaqirdi.
HAMASning Isroilga hujumidan keyin birinchi marta amerikalik rasmiy Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan suhbatlashdi.
Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerning aytishicha, Blinken arab davlatlari orasida Isroilni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Qo‘shma Shtatlar ayniqsa Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Hizbullohning Isroilning shimoliy chegarasida qo‘shimcha front ochganidan xavotirda.
Xitoy Eron bilan yaqin munosabatlarni saqlab kelmoqda va Tehronga joriy yil boshida Saudiya Arabistoni bilan muhim diplomatik detansiyaga erishishga yordam berdi.
Shu sababli Blinken Pekinni Hamas va Isroil o‘rtasidagi urushning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mintaqadagi taʼsiridan foydalanishga chaqirdi.







