Ekvadorda saylov: xavfsizlikni taʼminlashga 100 ming harbiy va politsiyachi jalb qilindi
Ekvadorda prezidentlik saylovlarining birinchi turi oldidan favoritlardan biri otib o‘ldirilgandi. Ikkinchi turga chiqqan nomzodlar Gonsales va Noboa o‘q o‘tkazmaydigan jilet kiyib olgan holda ovoz berdi.

Ekvadorda prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi 15 oktyabr, yakshanba kuni kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida bo‘lib o‘tdi, chunki ovoz berishdan oldin ikki siyosatchi, jumladan, favoritlardan biri sanalgan nomzod o‘ldirilgandi. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 17:00 (Toshkent vaqti bilan 16 oktyabr 03:00)da yopildi.
So‘llarning «Fuqarolik inqilobi» harakatidan nomzod, qariyb 34 foiz ovoz olgan Luis Gonsales va 23 foiz ovozni qo‘lga kiritgan parlament sobiq aʼzosi, markazchi Daniel Noboa ikkinchi turga chiqdi. Agar Gonsales g‘alaba qozonsa, u Ekvador tarixidagi birinchi ayol prezidentga aylanadi, 35 yoshli Noboa esa Janubiy Amerika davlatining eng yosh rahbari bo‘ladi.







