Yevropa nega COVID-19 dan vahimada?
Virus bilan kasallanganlar soni yana oshayotgani eʼlon qilindi.

Yevropa kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi Yevropa mamlakatlarining yarmidan ko‘pida COVID-19 bilan kasallanganlar soni oshayotganini eʼlon qildi. Ayrim davlatlarda shifoxonaga yotqizilayotganlar soni ham oshgan.
Yoz mavsumi tugab, shamollash mavsumi boshlanishi fonida Yevropa davlatlari hukumatlari koronavirusga qarshi qayta emlanishni tavsiya qilmoqda.
Emlash kampaniyasi uchun virusning Omicron subvariantiga qarshi vaksina ishlab chiqarildi. Olimlar virusning bu turi qitʼada yetakchilik qilayotganini aytmoqda.
Yangi vaksina bepul bo‘lib, 65 yoshdan kattalar, immuniteti past va homilador ayollarga tavsiya qilinmoqda.
Robert Kox nomidagi Germaniya instituti esa og‘ir kasalliklar rivojlanishi xavfi bo‘lgan odamlarga COVID-19‘ga qarshi vaksinalarni har yili olishni tavsiya qilmoqda. Sentyabr oyida Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax ham vaksinaning buster dozasini olib namuna ko‘rsatdi.
Ispaniya ham qishki mavsum uchun emlanish bo‘yicha tavsiyalarini yangiladi. Unga ko‘ra, 60 yoshdan katta, qariyalar uyida yashovchilar yoki immuniteti past odamlar va homilador ayollar koronavirus va grippga qarshi emlanishi tavsiya etilgan.
Niderlandiya aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini emlashni boshladi. Vaksinani xavf guruhiga kiruvchilar ham olishi mumkin.
Polsha aprel oyidanoq buster dozaning beshinchisini og‘ir kasalliklari bo‘lgan odamlar va tibbiyot xodimlariga yuborishni boshlagan.
Bolgariyada esa omikronning XVV variantiga qarshi emlash boshlandi.
Qishki mavsumda COVID-19 yana diqqat markaziga chiqishiga sabab - gripp va shamollashning xam ko‘payishidir. Bir vaqtda alangalangan uchta virus esa kasalxonalar to‘lib ketishiga sabab bo‘ladi.
Bu yildan boshlab Yevropa davlatlari koronavirusga test ijobiy natija bersa, majburiy izolyatsiyani bekor qiladi. Jumladan, Niderlandiya hukumati bu qadamni kasallik faqat oz miqdordagi bemorlarda og‘ir kechishi bilan izohladi. Hukumatlar izolyatsining o‘rniga sog‘lom aql bilan tafakkur qilgan holda uyda qolishni tavsiya qilmoqda. Qirollik sog‘liqni saqlash vaziri Ernst Kuypers buni "virus bilan yonma-yon yashashga ko‘nikish" deb atamoqda.
Germaniya va Fransiya ham aholiga xuddi shunday tavsiya qilgan.
Italiya shu yil avgustida eng so‘nggi karantin cheklovlarini bekor qilib, buni vaksinaning borligi bilan izohladi. Shuningdek, majburiy izolyatsiya ham talab qilinmaydigan bo‘ldi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Oratsio Skillachi uning vazirligi vaziyatni kuzatishi va agar kerak bo‘lsa, virus tarqalishining oldini olish choralarini ko‘rishini bildirdi.







