Putin va Netanyaxu telefonda Isroil va G‘azodagi vaziyatni muhokama qildi
Rossiya rahbari muzokaralar chog‘ida tinch aholi qurbon bo‘layotgan xatti-harakatlarni qoralagan.

Kremlning xabar qilishicha, Rossiya rahbari muzokaralar chog‘ida tinch aholi qurbon bo‘layotgan xatti-harakatlarni qoralagan.
“Rossiya prezidenti halok bo‘lgan isroilliklarning oila aʼzolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik izhor etib, tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar qurbonga aylangan har qanday harakatlarni qatʼiy rad etishini va qoralashini taʼkidladi”, — deya taʼkidladi Kreml.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Isroil va Falastin o‘rtasidagi qarama-qarshilikka barham berish uchun “vaziyatni siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal etish uchun” harakat qilishga tayyor.
Kreml matbuot xizmati Putin va Netanyaxu o‘rtasidagi muzokaralar haqida boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi.
Avvalroq, 16-oktabr kuni Putin Yaqin Sharq mamlakatlari – Suriya, Eron, Misr rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Rossiya prezidenti G‘arbiy Sohildagi Falastin maʼmuriyati raisi Mahmud Abbos bilan ham gaplashgan.
TASS agentligi Falastinning WAFA axborot agentligiga tayanib, “Putin Abbos bilan suhbatda G‘azodagi vaziyat keskinlashuvi chog‘ida halok bo‘lgan falastinliklarning oilalariga hamdardlik bildirdi”, deya xabar bergan.







