Eron prezidentining vertolyoti qulaganidan keyin butunlay yonib ketgan
Vertolyot surati Eron OAV tomonidan eʼlon qilindi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bortida bo‘lgan vertolyot qulaganidan keyin yonib ketdi. Bu haqda Eron OAV xabar berdi.
Vertolyot surati Eronning Isna agentligi tomonidan eʼlon qilingan. Avvalroq Reuters agentligi Eron rasmiysiga tayanib, vertolyot qulagandan keyin to‘liq yonib ketganini maʼlum qilgandi. Yo‘lovchilar taqdiri haqida hozircha rasmiy maʼlumot yo‘q.
Qidiruv-qutqaruv ishlari noqulay ob-havoga qaramay, tun bo‘yi davom etdi: Eron ommaviy axborot vositalari halokat sodir bo‘lgan hududda yomg‘ir yog‘ayotganini xabar qildi. Vertolyotni qidirishda Eron armiyasi ham ishtirok etgan.
Tasnim agentligi xabariga ko‘ra, yonib ketgan vertolyot mahalliy vaqt bilan ertalab soat oltilarda topilgan.
Baxtsiz hodisa 19-may kuni sodir bo‘ldi. Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, shuningdek, mamlakat tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Oyatulloh Muhammad Ali Al-Hoshim Ozarbayjon bilan chegaradagi to‘g‘on ochilishidan qaytayotgan edi. Vertolyot Sharqiy Ozarbayjon viloyatining Uzi qishlog‘i yaqinida qulagan.
Ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, vertolyot qulagan hududda tuman tushgan, shuningdek, u yerda ham yomg‘ir yog‘moqda, bu esa avtomobillar va odamlarning o‘tishini qiyinlashtirgan loyga sabab bo‘lgan.







