Isroil 1-iyundan mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnoma joriy qiladi
Elektron ruxsatnoma vizasiz mamlakatlardan keladigan sayyohlar uchun amal qiladi. O‘zbekiston ular qatoriga kirmaydi.

Isroil 1 iyundan boshlab vizasiz mamlakatlardan keladigan sayyohlar uchun elektron kirish ruxsatnomalarini joriy qiladi. Vizasiz davlatlar qatoriga Rossiya, Ukraina, Belarus, AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqalar kiradi.
Yangi tizimga ko‘ra, vizasiz rejim o‘rnatilgan mamlakatlardan kelgan sayyohlar kirishga ruxsat olish uchun oldindan maxsus shaklni onlayn to‘ldirishi kerak bo‘ladi.
Avvalroq, aprel oyida Isroil turizm vazirligi Electronic Travel Authorization (ETA) tizimi joriy etilishini maʼlum qilgandi.
Elektron viza uchun 25 shekel (taxminan $7) to‘lov olinadi. Arizaga xalqaro pasport skaneri, ikki tomonlama aviachipta, sayohat tibbiy sug‘urtasi va Isroilga sayohat maqsadi haqida umumiy maʼlumotni o‘z ichiga olgan hujjat ilova qilinishi kerak.
Ariza 48 soat ichida ko‘rib chiqiladi. Berilgan viza ikki yil davomida amal qiladi.
Taʼkidlanishicha, yangi elektron ruxsatnomalar Isroilga kelganda viza olish uchun bir necha soatlik navbatlarni bartaraf qilish maqsadida joriy etilmoqda.







