Moldova bosh shtabining sobiq boshlig‘i Rossiyaga josuslik qilgani maʼlum bo‘ldi
Bu haqida The Insider va Moldovaning “Malenkaya strana” nashri qo‘shma surishturuvida aytildi.

Moldova Qurolli Kuchlari Bosh shtabining sobiq boshlig‘i Igor Gorgan Rossiya Federatsiyasi harbiy razvedkasiga (GRU) respublikadagi ichki siyosiy vaziyat to‘g‘risida hisobotlar va Ukraina Mudofaa vazirligi vakillarining tashriflari haqidagi maʼlumotlarni uzatib turgan.
Bundan tashqari, surishtiruv materialida taʼkidlanganishicha, Gorgan o‘zining GRUdagi kuratori Aleksey Makarovga Moldovada hamma narsa go‘yoki rus qo‘shinlarining mamlakatga kirishiga tayyorligi haqida xabarlar yuborgan.
Harbiy razvedka manbasining taxmin qilishicha, Gorgan 2004 yilda NATOning Bosniya va Gersegovina, Gruziya va Iroqdagi xalqaro missiyalarida xizmat qilgan vaqtida rus maxsus xizmatlari tomonidan yollangan. 2021 yilda Moldova prezidenti Mayya Sandu uni Bosh shtab boshlig‘i lavozimidan ozod qilgan. 2023 yilda Gorgan BMTning Kishinyovdagi qochqinlar masalalari bo‘yicha vakolatxonasiga ishga joylashgan. Gorgan Moldova Mudofaa vazirligidagi eski aloqalaridan foydalanib, GRU uchun muhim maʼlumot yetkazuvchi bo‘lib qolmoqda, deb yozadi The Insider.
Tergov harakatlari boshlangach, Moldova prezidenti maʼmuriyati rahbari Adrian Balutel Igor Gorganning davlat mukofotlari va harbiy unvonlari bekor qilinishini maʼlum qildi.
"Vatanga xiyonat va davlatga qarshi bunday jinoyatlarni amalga oshirgan shaxslar eng og‘ir turdagi jazo bilan jazolanishi kerak. Moldovaga davlatga xiyonat va josuslik jinoyatlariga qarshi kurashda samaraliroq vositalar kerak", — deya taʼkidladi Balutel.







