Bayden Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha yangi choralar ko‘rishga vaʼda berdi
AQSH prezidenti Rossiyaning 8 iyulda Ukraina shaharlariga amalga oshirgan keng ko‘lamli zarbalaridan so‘ng Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishini maʼlum qildi.

"Rossiyaning o‘nlab tinch aholi vakillari halok bo‘lgan va Kiyevdagi eng yirik bolalar kasalxonasi zarar ko‘rgan raketa zarbalari Rossiyaning shafqatsizligi haqida dahshatli eslatmadir. Dunyo Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi juda muhim", — deyiladi bayonotda.
Bayden Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Vashingtondagi NATO sammiti doirasidagi uchrashuvda AQSHning Ukrainani sobit qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor taʼkidlash niyatida ekanini aytdi.
"Biz ittifoqchilarimiz bilan birgalikda Ukraina shaharlari va tinch aholisini Rossiya zarbalaridan himoya qilish uchun havo mudofaa tizimini mustahkamlash bo‘yicha yangi choralarni eʼlon qilamiz. Qo‘shma Shtatlar Ukraina xalqi bilan birga", — deya qo‘shimcha qildi Bayden.







