Bayden amerikaliklarga murojaat qilmoqchi
Amerika prezidenti aholiga poygani tark etish qarori sabablarini tushuntirish niyatida.

Bayden 25 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 5:00 da amerikaliklar oldida nutq so‘zlaydi. U o‘zini nima kutayotgani va "Amerika xalqi uchun ishni qanday tugatishi" haqida gapiradi.
Bu prezidentlik poygasidan chiqishini eʼlon qilganidan keyin davlat rahbari ishtirokidagi birinchi ommaviy tadbirdir.
Saylov poygasidan chiqishdan biroz oldin, Bayden kovid bilan kasallangan edi. Siyosatchi ommaviy tadbirlarni bekor qildi va Delaver shtatidagi uyida o‘zini izolyatsiya qildi. Prezident 23 iyul kuni ishga qaytdi.
Baydenning o‘zi qayta saylanishdan voz kechish qarorini eʼlon qilgan kuni amerikaliklar oldida nutq so‘zlash niyatida ekanini maʼlum qildi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida eʼlon qilingan bayonotida aytilgan. Prezident nutq shu hafta bo‘lib o‘tishini taʼkidladi.
Keyinroq NBC telekanali manbalarga tayanib, Bayden va uning yordamchilari nutq tayyorlayotgani, unda u amerikaliklarga poygadan chiqish qarori sabablarini tushuntirish niyatida ekani haqida xabar berdi.







