“Ukraina xalqning roziligisiz mamlakat hududini bermaydi”
Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligi aytdi.

Ukraina Rossiya bilan urushni tinch yo‘l orqali hal qilish doirasida xalqning roziligisiz mamlakat hududini berish niyatida emas. Bu haqida Prezident Vladimir Zelenskiy Le Monde nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
“Ukrainaning hududiy yaxlitligiga oid har qanday muammoni birgina prezident, yagona bir shaxs yoki dunyo yetakchilari Ukraina xalqining ishtirokisiz hal qila olmasligini tushunishingiz kerak. Ukraina rasmiylari xalqning roziligisiz o‘z hududlarini kimgadir berishga haqqi yo‘q. Agar mamlakat yerlari shundayligicha Rossiyaga beriladigan bo‘lsa, Vladimir Putin buni g‘alaba sifatida qabul qiladi”, — deya taʼkidladi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti, shuningdek, Rossiyani muzokaralar stolida ko‘rmoqchiligini bildirdi.
“Ko‘pchilik davlatlar singari, men ham noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Ukrainada tinchlik bo‘yicha ikkinchi sammitda Rossiya vakillari ishtirok etishi kerak, deb hisoblayman, ular qo‘shma tinchlik rejasini ishlab chiqishimizga to‘sqinlik qilmasligi kerak”, — deya fikr bildirdi Zelenskiy.







