Isroil HAMASning yangi rahbariga o‘lim bilan tahdid qildi
Yahyo Sinvar HAMASning eng ko‘p qidirilayotgan yetakchilari ro‘yxatida.

Guruhning 2023-yil oktabr oyida Isroilga uyushtirgan yirik terakti tashkilotchisi sanalgan 61 yoshli Yahyo Sinvar Falastinning HAMAS harakati yangi siyosiy rahbari etib tayinlandi. HAMAS Sinvarning siyosiy byuro rahbari etib saylanganini 6 avgust, seshanba kuni, bu lavozimdagi o‘zidan avvalgi Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilganidan bir hafta o‘tib eʼlon qildi.
Sinvar HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib tayinlangach, Isroil tashqi ishlar vaziri Izrael Kas uni tezroq yo‘q qilishga chaqirdi.
"Ismoil Haniya o‘rniga bosh terrorchi Yahyo Sinvarning HAMAS yangi rahbari etib tayinlanishi uni tezroq yo‘q qilish va bu yovuz tashkilotni Yer yuzidan yo‘q qilish uchun yana bir yaxshi sababdir", — deb yozdi u.
Guruhning Isroilga hujumidan so‘ng Yahyo Sinvar omma oldida ko‘rinmay qolgan va G‘azo sektori ostidagi yerosti tunnellarida yashiringan deb taxmin qilinadi.







