Eron soya va bug‘doy evaziga Rossiyaga dron va raketalar topshirganini tan oldi
Bu bilan Rossiya Eronga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bermoqda.

Eron parlamentining xavfsizlik va tashqi aloqalar qo‘mitasi aʼzosi Ahmad Bakshaish Ardestoniy “Didban Iran” nashriga bergan intervyusida Tehron Moskvani "iqtisodiy va siyosiy hamkorlik doirasida" dronlar va raketalar bilan taʼminlayotganini tasdiqladi.
"Biz Rossiya Federatsiyasidan ko‘plab tovarlarni import qilamiz. Ehtiyojlarimizni qondirish uchun soya va bug‘doyni ayirboshlashimiz kerak. Buning bir qismi raketalarni yuborishni o‘z ichiga olsa, boshqa qismi harbiy dronlarni yuborishni o‘z ichiga oladi", — dedi Ardestoniy.
Avvalroq bir qator G‘arb OAVlari Eronning Fath-360 qisqa masofali ballistik raketalari allaqachon Rossiya Federatsiyasi hududiga yetkazilgani haqida xabar bergan edi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ushbu maʼlumotdan chuqur xavotirdaligini bildirib, xalqaro hamjamiyatni dunyoda tinchlik va xavfsizlikni himoya qilish doirasida Rossiya va Eronga bosimni kuchaytirishga chaqirdi.







