Latviya prezidenti velosipeddan yiqilib, qo‘lini sindirib oldi
Shunday bo‘lsada, jarohat uning ish jarayoniga taʼsir ko‘rsatmagan.

Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs velosipeddan yiqilib o‘ng qo‘lining bilagi va chap qo‘lining barmog‘ini sindirib oldi.
Hodisa 28 sentyabr kuni Rinkevichs velosayohatga chiqqanida sodir bo‘lgan. Yiqilish oqibatida davlat rahbari tibbiy yordamga murojaat qilgan, shifokorlar uning qo‘li singanini aniqlab, gips bog‘lagan.
Rasmiylarga ko‘ra, jarohat prezidentning ish jarayoniga taʼsir ko‘rsatmaydi, u oldingidek bemalol yozib, hujjatlarni imzolay oladi.
Taʼkidlanishicha, Rinkevichsning keyingi haftadagi kun tartibiga ham hech qanday o‘zgartirishlar kiritilmagan.







