Alisher Usmonov jurnalistni sudga berdi
U milliarderning obro‘siga putur yetkazishda ayblangan.

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Kyoln prokuraturasiga ARD jurnalisti Xans-Yoaxim Zeppeltga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishini so‘rab ariza bergan.
Bunga sabab esa avvalroq mazkur jurnalist Usmonovni Xalqaro qilichbozlik federatsiyasida hakamlarga pora berish tizimini yaratishda ayblagandi.
Oktyabr oyi boshida Gamburg viloyat sudi Zeppeltga qarshi ishda Usmonov tarafini olgan va “shubhaga asoslangan nomaqbul xabarlar” tarqatilishiga qarshi qaror chiqargan edi. Shundan so‘ng, ARD telekanali jurnalist rossiyalik tadbirkorga qarshi ayblovlar qo‘ygan xabarni o‘chirib tashlagan.
Usmonovning advokati maʼlum qilishicha, 8 oktyabr kuni Usmonov ham Kyoln prokuraturasiga Zeppeltga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ariza topshirgan.
“Zeppelt Usmonovning obro‘siga putur yetkazishga urindi. Ammo uning hech qanday faktlari bo‘lmagan. Bu jurnalistika emas, bu sharmandalik”, – degan Usmonovning advokati.







