Zelenskiy NATOga taklif qilinishini kutmoqda
Bu haqida “Yevropeyskaya Pravda” nashri maʼlum qildi.

"Prezident Zelenskiy G‘arb hamkorlaridan Ukrainaga xalqaro tan olingan chegaralar doirasida NATOga aʼzo bo‘lish taklifini yuborishlarini kutayotganini aytdi", — deb yozmoqda “Yevropeyskaya Pravda” nashri.
Zelenskiy “qanday yo‘lni bosib o‘tganligidan qatʼiy nazar” qonuniy jihatdan “hech kim bosib olingan hududlarni boshqa davlatlar hududi deb tan olmasligini” taʼkidladi.
"Nega men taklif masalasiga urg‘u beryapman? Chunki u mamlakatga xalqaro tan olingan chegaralar doirasida beriladi. Bu esa men uchun eng muhimi: urush paytida taklif olish... Bu shunchaki taklif emas, balki urush hali tugamagan paytdagi taklif bo‘lishi kerak", — dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy Ukraina Shimoliy Atlantika alyansiga qanday sharoitda qo‘shilishi va jarayon qancha davom etishi haqidagi savolga “turli formatlar bo‘lishi mumkin”, deya javob qaytardi.
Uning taʼkidlashicha, Ukraina bosib olingan hududlar evaziga NATOga aʼzo bo‘lish masalasini muhokama qilmayapti.







