Maymunchechak yuqtirish holatlari rekord darajaga yetdi
JSSTga ko‘ra, Afrikada vaziyat izdan chiqmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, sentyabr oyida dunyo bo‘yicha mpox (maymun chechagi) infeksiyasiga chalinish holatlari rekord darajaga yetgan.
Bu davrda 2763 ta yangi kasallanish holati ro‘yxatga olinib, avgust oyiga nisbatan 8 foiz o‘sish qayd etilgan. Aniqlangan bemorlarning asosiy qismi, yaʼni 1756 nafari Afrika mintaqasi aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘z navbatida, maymun chechagi virusidan o‘lim ko‘rsatkichlari ham ortmoqda. Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining maʼlum qilishicha, shu kungacha mpoxni yuqtirgan bemorlardan 1,1 ming nafari hayotdan ko‘z yumgan.
Shunga asoslanib, markaz “Afrikada ushbu infeksiya tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat nazoratdan chiqmoqda” deb xulosa qildi.







