Germaniyada Tesla savdosi hajmi pasaydi
Buni Ilon Maskning so‘nggi bayonotlari bilan bog‘lashmoqda.

Yanvar oyida Germaniyada Tesla elektromobillari savdosi 59,5 foizga tushib, 1277 donani tashkil qildi. Bu maʼlumotlar 5 fevral kuni Germaniya Federal avtomobil boshqarmasi tomonidan eʼlon qilindi.
Bu Teslaʼning 2021 yil iyulidan beri Germaniyadagi eng past oylik savdosi bo‘ldi. Shu bilan birga, umumiy hisoblaganda, ushbu davrda to‘liq elektr avtomobillar savdosi 53,5 foizga oshib, 34,5 mingtaga yetdi.
Ayrim ommaviy axborot vositalari buni inobatga olgan holda, Tesla elektromobillari sotuvining keskin pasayishini kompaniya rahbari Ilon Maskning so‘nggi bayonotlari bilan bog‘lashmoqda. Bir necha hafta oldin u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘i sahifasida translyatsiya qildi va u yerda "Germaniya uchun muqobil" (AfD) partiyasidan nomzod Elis Vaydel bilan suhbatlashdi. Mask, shuningdek, X'da faqat AfD Germaniyani qutqara olishi va fevral oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan Bundestag saylovlarida u g‘alaba qozonishini yozdi.
Tesla asoschisi yaqinda boshqa Yevropa davlatlari, jumladan, Fransiya va Buyuk Britaniya siyosati haqida gapirdi. Yanvar oyida Teslaning Fransiyada sotuvi 63 foizga, Buyuk Britaniyada 12 foizga kamaydi. Bundan tashqari, kompaniyaning elektromobillar savdosi Shvetsiyada (44 foizga) va Norvegiyada (38 foizga) pasaydi.
Komila Odilova tayyorladi







