Turkiya sunami xavfiga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Uchta viloyatda mobil sirenalar o‘rnatildi.

Turkiyaning Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boshqarmasi Egey dengizi hududidagi zilzilalar oqibatida mamlakatga taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sunami va vulqon otilishi xavfi borligini maʼlum qildi.
So‘nggi kunlarda Santorini va Amorgos orollari atrofida seysmik faollik davom etmoqda. Eng kuchli silkinish 5,2 magnitudali bo‘lib, chorshanba kuni sodir bo‘ldi. 26 yanvardan buyon bu hududda 6400 dan ortiq zilzila qayd etilgan, ulardan 800 dan ortig‘i 2,5 magnitudadan yuqori bo‘lgan.
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi ehtimoliga qarshi SMS orqali xabardor qilish tizimi ishga tushirilgan, shuningdek, Anqara, Antalya, Bursa, Diyarbakir, Sivas va Samsundan qo‘shimcha xodimlar hamda texnika Izmir, Aydin va Mug‘la gubernatorliklariga safarbar etildi.
Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis so‘nggi kunlardagi zilzilalar jiddiy hodisa ekanini tan oldi, ammo orollardagi aholiga xotirjamlikni saqlashni tavsiya qildi.
Egey dengizidagi eng dahshatli zilzilalardan biri 1956 yil 9 iyulda Santorini orolida sodir bo‘lgan. 7,5 magnitudali zilzila va 25 metrlik sunami natijasida 53 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi jarohat olgan.







