Kolumbiyalik erkak sochi ostiga narkotik yashirdi
Uning bu qilmishi aeroportdagi tekshiruvda fosh bo‘ldi.

40 yoshli kolumbiyalik erkak Kartagena – Amsterdam reysida 200 gramm kokain yashirishga uringani uchun qo‘lga olindi.
Rafael Nunyos xalqaro aeroporti xodimlari uning kalta qirilgan boshiga yopishtirilgan 19 dona kokain kapsulasi (taxminiy qiymati 10 000 yevro yoki 8 290 funt) ni parik ostidan topishdi. U giyohvand moddalar savdosi va olib yurish aybi bilan hibsga olindi.
Politsiya tomonidan eʼlon qilingan videoda plastik qoplamali parik qanday kesib ochilgani va ichidan yashirin paketlar chiqqani aks etgan. Jinoyatchi yo‘lovchilarni tekshirish va skaner orqali ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida fosh etildi.
Kolumbiya jahon bozoridagi eng yirik kokain ishlab chiqaruvchi davlatlardan biri bo‘lib, 2023 yilda giyohvand moddalar ishlab chiqarish 2 600 tonnaga yetgan. Hukumat giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashayotgan bo‘lsada, mamlakat prezidenti Gustavo Petro yaqinda kokainni viski bilan solishtirib, uni faqat Lotin Amerikasida ishlab chiqarilgani sababli noqonuniy deb atalishini taʼkidlab o‘tdi.







