Xitoylik sayyoh tog‘da adashib qoldi
Yigit 10 kun davomida tish pastasi va qor bilan omon qolgan.

Xitoyning Shenxi provinsiyasidagi Tsinlin tog‘larida adashib qolgan 18 yoshli sayyoh 10 kun davomida tirik qolish uchun qor va tish pastasi bilan oziqlangan.
Xabar berilishicha, Sun Lyan ismli yigit 170 kilometr uzunlikdagi murakkab tog‘ yo‘lini yakka o‘zi bosib o‘tmoqchi bo‘lgan. Biroq safarning ikkinchi kunida uning elektron qurilmalari quvvatsizlanib, u oilasi bilan bog‘lanish imkonidan mahrum bo‘lgan. Sayyoh yo‘nalishni topish uchun irmoq bo‘ylab pastga tushishga harakat qilgan, lekin bir necha bor yiqilib, o‘ng qo‘lini sindirib olgan.
Yigit kuchli shamol va sovuqdan himoyalanish uchun katta tosh ortida quruq somon va barglardan yotoq tayyorlagan. U hayotini saqlab qolish uchun irmoq suvi, qor va yonida bo‘lgan tish pastasini iste’mol qilishga majbur bo‘lgan. Nihoyat, oilasi tashvishga tushib, qutqaruvchilarni chaqirgach, 10 kundan so‘ng Sun Lyan qutqarilgan.
Mazkur tog‘ yo‘li Xitoydagi eng xavfli beshta yo‘nalishdan biri hisoblanadi. So‘nggi 20 yil ichida bu hududda 50 dan ortiq sayyoh bedarak yo‘qolgan yoki halok bo‘lgan.
«Men bu voqeadan keyin qo‘rquv his qildim», – deb yozdi Sun Lyan ijtimoiy tarmoqlarda. «Bu hudud mutlaqo sayohat uchun mos emas. Shamol shu qadar kuchli ediki, ikki tayoq bilan ham oyoqda turishning iloji yo‘q edi. Qor esa ko‘zni ochishga ham imkon bermasdi», – deya u boshqa sayyohlarga bu yo‘lga chiqmaslikni tavsiya qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qutqaruv operatsiyasida 30 dan ortiq odam qatnashgan bo‘lib, uning narxi 80 ming yuan (taxminan 11 ming AQSh dollari)ni tashkil qilgan.







