Fransiyada kuchli yog‘ingarchilik hayot tarzini izdan chiqardi
Bu tabiiy ofat “Erminiya” bo‘roni sabab yuzaga kelgan.

Fransiyaning shimoli-g‘arbiy hududlarida, jumladan, Bretan va Peyi-de-La-Luar mintaqalarida yuz bergan kuchli yomg‘ir va toshqinlar oqibatida qariyb 4 000 xonadon elektr taʼminotisiz qoldi.
Morbiyan, Atlantik Luara hamda Il va Vilen departamentlarida “qizil” – eng yuqori darajadagi ob-havo xavfi eʼlon qilindi. Mahalliy qutqaruv xizmatlari tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan aholiga yordam bermoqda. Hozirgacha faqat Il va Vilen departamentining o‘zida 600 ga yaqin fuqaro evakuatsiya qilingan. Qurbonlar haqida maʼlumot berilmagan.
Shiddatli yomg‘ir va toshqinlar temir yo‘l qatnoviga ham taʼsir o‘tkazdi. Ayniqsa, Le-Man va Anje shaharlari o‘rtasidagi temir yo‘l liniyasida harakat sekinlashdi va poyezdlarning jo‘nash vaqti kechikmoqda.
Bretan mintaqasi maʼmuriy markazi – Renn shahri meri Natali Apperening so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat 15 000 ga yaqin kishining hayotiga taʼsir ko‘rsatgan.







