Ukrainada tug‘ilish darajasi rekord darajada pasaydi
Bu millatning qarishiga olib keladi.

Ukrainada tug‘ilish darajasi tarixiy minimumga yetdi – har bir ayolga atigi 0,9 bola to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqida Ukraina ijtimoiy siyosat vazirining birinchi o‘rinbosari Daria Marchak “Ukrainaning demografik kelajagi: barqarorlik va tiklanish strategiyasi” konferensiyasida maʼlum qildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu Ukraina tarixidagi eng past tug‘ilish darajasi hisoblanadi. Taqqoslash uchun, xalqaro standartga ko‘ra, aholining tabiiy o‘sishi uchun har bir ayolga kamida 2,2 bola to‘g‘ri kelishi lozim, Yevropa Ittifoqida esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 1,5 bolaning atrofida.
Tug‘ilishning past darajasi keng ko‘lamli tashqi migratsiya bilan birga millatning qarishiga olib keladi.
Natijada, ukrainaliklarning o‘rtacha yoshi 41 dan 45 gacha ko‘tarildi, bu aholining tez qarishini ko‘rsatadi. Bugungi kunda Ukrainada nafaqaxo‘rlar va ishlaydigan odamlar nisbati 1:1 ni tashkil qiladi va kelajakda bu tendensiya yana-da yomonlashishi mumkin.







