Filippindagi jazirama sababli maktablar vaqtincha yopildi
Havo harorati 51 darajagacha ko'tarilishi kutilmoqda.

Filippin hududini qamrab olgan ekstremal jazirama tufayli ayrim shaharlarning maktablarida o‘quv jarayoni vaqtincha to‘xtatildi.
Mahalliy rasmiylarning ma’lum qilishicha, Manilada havo harorati ertalab 36-38 daraja atrofida, tushga kelib esa 42 darajagacha yetishi mumkin. Shu sababli mamlakatning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha kengashi tavsiyalariga asosan poytaxt va boshqa bir qancha shaharlarda maktablar yopildi.
Las-Pinyas, Paranakyu va Marikina kabi hududlarda ham maktablar vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. Filippin Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday issiq ob-havo inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidladi.
Shifokorlar jazirama tufayli issiqlik urishi, bosh og‘rig‘i, qusish, holsizlik, hushdan ketish va hatto o‘lim holatlari kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Shu bois aholiga kunning eng issiq paytlarida ko‘chaga chiqmaslik, ko‘proq suyuqlik ichish va salqin joylarda bo‘lish tavsiya etildi.
Filippin Atmosfera, geofizika va astronomiya xizmati haroratning 42-51 darajaga yetishini “xavfli” daraja sifatida baholamoqda.







